Assalomu alaykum! Taqdir inson ona qornidalik paytida, 121 kunlik bo'lganida 4 narsa yozilar ekan. Shundan biri baxtli yoki baxtsiz bo'lishi ekanini eshitgan edim. Agar insonga baxtsiz bo'lishi yozilgan bo'lsa, umri faqat baxtsizlikda o'tadimi? Buni o'zgartirsa bo'ladimi? Shu mavzuni batafsil tushuntirib bersangiz.
Vaalaykum assalom. Siz eshitgan hadisi sharifda zikr qilingan «baxtsiz» yoki «baxtli» bo'lish oxiratdagi oqibatga, ya'ni jannatiy yoki do'zaxiy bo'lishga dalolat qiladi. Biroq, aqida ulamolarimiz aytadilarki, taqdirdagi bu bitik bandani majburlovchi hukm emas, balki Alloh taoloning azaliy ilmi bilan banda umri davomida o'z ixtiyorini qanday ishlatishini oldindan bilishidir. Ammo, amallar xotimaga bog'liqdir. Ya'ni, inson hayoti davomida badbaxtlardan bo'lib, gunoh ishlar qilsa-da, Allohning rahmati va tavba sababli umrining oxirida solih amallar qilib, baxtlilar qatorida vafot etishi mumkin.
Shuning uchun ham taqdirga bitilganidan qo'rqib, noumid bo'lish yaramaydi, chunki duo taqdir o'zgarishiga sabab bo'lishi mumkin. Hatto Hazrati Umar roziyallohu anhu ham: «Allohim, agar meni badbaxt deb yozgan bo'lsang, uni o'chirgin va baxtlilar qatoriga yozgin. Sen xohlagan narsangni o'chirib, xohlagan narsangni sobit qilursan», deb duo qilardilar. Demak, mo'min kishi «peshonamga yozilganini o'zgartira olmayman» deb noumid bo'lmasligi, balki doimo Allohdan go'zal xotima va baxt-saodat so'rab, ezgu amallarda bardavom bo'lishi lozim. Vallohu a'lam.