Turmush o‘rtog‘im ancha yillardan buyon ishlamaydi. Sog‘lig‘i joyida lekin turli bahonalar bilan haligacha uyda. Men ishlayman va daromadimdan doimiy ravishda oilaning kamchiliklarini to‘ldiraman. Buning uchun Yaratgan menga ajr beradimi? Yoki erim gunohkor bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Asl qoidaga ko‘ra, ayol kishining birinchi vazifasi uy ishlarini idora qilish, oilaga qarash, bolalarni boshqarish, eriga yaxshi muomalada bo‘lishdir. Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ayol kishi erining uyida boshliqdir. U o‘z qo‘l ostidagilarga mas’ul”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). U o‘zining xarajatlarini qoplashga ham majbur emas. Uning nafaqasi erining zimmasida vojibdir. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasuli akram alayhissalom erkaklarga xitob qilib: “Ayollaringiz uchun sizning zimmangizda yaxshilik ila rizqlari va kiyimlarining majburiyati bordir” deganlar.
Bir kuni Hakim ibn Muoviya ismli sahoba roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, bizning birimizda xotinining nima haqqi bor?» – deb so‘raydilar. Shunda Payg‘ambarimiz “Qachon taomlansangiz, uni ham taomlantiring, Qachon kiyim (yangi kiyim) kiysangiz, uni ham kiyintiring. Yuziga urmang, qattiq so‘kmang va uydan boshqa joyda hijron qilmang”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Agar er ayolining nafaqasini ado etmasa, Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida mas’ul bo‘ladi. Chunki u zimmasidagi vojib amalni bajarmagan sanaladi.
Er o‘z ayoliga nafaqa qilmagan vaziyatda Islom dini ayol kishini o‘ziga munosib ishda faoliyat olib borishiga ruxsat beradi. U savdo-sotiq qilishi, birovni vakil qilishi, molini tijorat yo‘li bilan ko‘paytirishi mumkin. Oilasi va farzandlarini ta’minotini qilgani uchun o‘sha ayolga savob bo‘ladi. Albatta, bunda shariat ko‘rsatmalari va odoblariga rioya qilishi, satri avratda bo‘lishi, nomahram (begona) erkaklar bilan yolg‘iz qolmasligi, talab etiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.