QIZIL DENGIZGA BORGAN ODAMGA EHROM LOZIM BO‘LADIMI?

ID: 162

04.04.2025

219

Savol:

Qizil dengizga Makka shahridan borgan odamga Makkaga qaytishda ehrom bilan kirishi lozimmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Qizil dengizning hududi katta bo‘lib, Jidda shahri qirg‘oqlariga tutashgan qismi ikki miyqot — Juhfa (Robig‘ shahri yaqinidagi joy, Makkadan 183 km) va Yalamlam (Sa’diya yaqinidagi joy, Makkadan 85 km) miyqotlari orasida joylashgan. Qizil dengizning bir qismi miyqot ichida bo‘lsa, qolgan katta qismi esa, miyqot tashqarisida joylashgan. SHunga ko‘ra, modomiki, Makkalik yoki u yerga borgan hoji qizil dengizga sayohat qilgan vaqtida mazkur ikki miyqot hududidan o‘tib ketib qolmagan bo‘lsa, unga Makka shahriga qaytib kirishda ehromli bo‘lishi shart emas. Chunki u miyqot hududidan chiqib ketgan bo‘lmaydi. Ammo, dengizda kemaga minib, mazkur ikki miyqot hududlaridan tashqariga chiqib ketib qolgan bo‘lsa, u kishi Makkkaga qaytib kirishida albatta ehromli bo‘lishi vojib bo‘ladi.

Ushbu maslala borasida “G‘unyatun-nosik” kitobida keltirilishicha:

"وإن لم يعلم المحاذاة فعلى مرحلتين عرفيتين من مكة كجدة من طرف البحر؛ فإنها على مرحلتين عرفيتين من مكة، وثلاث مراحل شرعية". 

"Agar miyqotga barobar joyni qayerligini bilmasa, masalan: (Jidda shahriga dengizdan kelgan kishi kabi), u holda Makkadan ikki “Urfiy marhala” va uch “Shar’iy marhala” uzoqlikdagi joy miyqot hisoblanadi" (95 bet).

Demak, bir marhala 43 km 352 m bo‘lib, ikki urfiy marhala (43 km 352*2=) 86 km 704 m atrofida bo‘ladi. Makkadan Jidda shahriga borgan kishi 86 km atrofida masofani bosib o‘tmagani uchun miyqotdan chiqib ketmaydi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda Jidda shahri ichida joylashagan va ziyoratchi hamda sayyohlar borib, qayiqlarga minib, yoki cho‘milib kelayotgan joylar qizil dengiz emas balki uning bir bo‘g‘ozi hisoblanib, u joylar miyqot ichkarisida joylashgan. Shu sababli ham u joylarga borib Makkaga qaytgan kishilar uchun ehromda bo‘lishlari shart qilinmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar