RO‘ZADOR ODAM QO‘SHIQ ESHITISHI VA SERIAL KO‘RISHI MUMKINMI?

ID: 579

04.04.2025

135

Savol:

Ramazonda ro‘zador odam qo‘shiq eshitishi va serial ko‘rishi mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ramazon oyi rohat-farog‘at va ko‘ngilxushlik qilish oyi emas, balki Alloh taologa ibodat qiladigan, nafsni jilovlab, uni ko‘plab yaxshi amallarga odatlantirib oladigan oydir.

Haqiqiy ro‘za yeb – ichish va shahvatni tark qilishgina emas. Haqiqiy ro‘za til, ko‘z, quloq, qo‘l – oyoq va boshqa a’zolarni gunoh va shubhali amallardan tiyishdir. Qalb ro‘zasi esa dunyo tashvishlarini unutib, oxirat bilan mashg‘ul bo‘lishdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

" ليس الصيام من الأكل والشرب إنما الصيام من اللغو والرفث"

ya’ni: “Haqiqiy ro‘za faqat yeb-ichishni tark qilish emas, balki behuda va fahsh so‘zlardan tiyilishdir”, deganlar (Imom Ibn Xuzayma rivoyati). Sahobalardan Jobir raziyallohu anhu aytadi: “Agar ro‘za tutsang, qulog‘ing, ko‘zing va tiling ham yolg‘on va haromdan ro‘za tutsin! Qo‘shninga ozor berma! ro‘za tutgan kuning senda xotirjamlik va viqor bo‘lsin! Ro‘za tutgan kuningni ro‘za tutmagan kuningdek o‘tkazma!”.

Ramazon ibodat mavsumidir. Undan unumli foydalanib qolishimiz kerak. Mashhur tobein Ibrohim Naxa’iy rahimahulloh aytadilar: "Ramazonda bir kun ro‘za tutish boshqa vaqtdagi ming kun ro‘za tutgandan afzaldir. Ramazonda bitta tasbih aytish boshqa kundagi mingta tasbihdan afzaldir". Modomiki, ro‘za tutishga qodir ekanmiz, uning qadriga yetaylik. Atrofimizda ro‘za tutishga intilgan, ammo xastaligi, qariligi va boshqa sabablar tufayli unga erisha olmayotgan mo‘min va mo‘minalardan ibrat olaylik.

Ulamolarimiz namozimizni benuqson ado qilish uchun, uni xuddi umrimizda so‘nggi marotaba o‘qiyotganimizdek qoim qilishni tavsiya qilganlar.

Mazkur tavsiyaga rioya o‘laroq, biz ham Ramazon oyida qilinajak yaxshi amallarimizni go‘yo bularni hayotimizdagi so‘nggi Ramazonda bajarayotgandek, barcha ahkomlari bilan to‘liq ado etishga intilishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki bu dunyodagi rizqimiz bitib, balki biz ham keyingi Ramazongacha yetib bormasmiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar