Mening onam to‘shak rejimida, birovga qaram. Men onam uchun deb namozimni o‘qisam bo‘ladimi yoki mumkin emasmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Shariatimizga ko‘ra birov boshqa birov uchun namoz o‘qimaydi. Barcha fiqhiy kitoblarimizda bemorning namozi haqida bob mavjud. Bemor kishi o‘tira olmasa, chalqancha yoki o‘ng yoniga yonboshlab yotib ruku va sajdani boshi bilan imo qilib namoz o‘qiydi. Chalqancha yotib namoz o‘qish yonboshlab yotib namoz o‘qishdan yaxshidir. Chalqancha yotib namoz o‘qiydigan bemorning yuzi qiblaga qarashi uchun boshi tagiga yostiq qo‘yiladi. Bemor oyoqlarini qiblaga uzatmasligi uchun tizzalarini ko‘tarib qo‘yiladi. Ruku va sajdani boshi bilan imo qilib namoz o‘qishga qodir bo‘lmagan bemor ko‘zi, qoshi yoki qalbi bilan imo qilib, namoz o‘qimaydi.
Agar bemor kishi boshi bilan imo qilib ham namoz o‘qishga quvvati yetmasa, ammo unga aytiladigan gaplarni tushunsa, namozini kechiktiradi (qodir bo‘lgach, qazosini o‘qiydi). Agar bemorning imo ishoradan ojizligi besh vaqt namozdan ortiq davom etsa, ana shu muddatda o‘qiyolmagan namozlari qazosi undan soqit bo‘ladi (“Muhitul burhoniy” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.