Istixora namozi qaysi paytlarda o‘qiladi? Agar qaysidir niyatga erishishni chin ko‘ngildan xohlasa Allohdan so‘rab ushbu namozni o‘qisa bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Musulmon kishi muboh bo‘lgan ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida, xayrlisini tanlash uchun ikki rakat istixora namozi o‘qiydi. Istixora namozidan so‘ng maxsus duosi bor shuni o‘qiydi.
Siz biror hojatingiz bo‘lib, shu hojatingizni so‘ramoqchi bo‘lsangiz, buning uchun hojat namozini o‘qing.
“Roddul Muhtor” kitobida quyidagicha keltirilgan: “Mashoyixlarimiz aytadilar: “Biz Hojat namozini o‘qib Alloh taolodan nimaiki so‘ragan bo‘lsak, barchasi ravo bo‘ldi”. Mashhur sahoba Abu Dardo raziyallohu anhu shunday deganlar:
اني سمعت رسول الله صلي الله عليه و سلم يقول: من توضا فاسبغ الوضوء ثم صلي ركعتين يتمهما اعطاه الله ما سال معجلا او مؤخرا (مسند الامام احمد)
“Men, Nabiy sollallohu alayhi vasallamni mana bunday deganlarini eshitganman: “Kimki tahorat olib uni mukammal qilsa, so‘ngra ikki rak’at namozni xushu’ va xuzu’ bilan o‘qisa, Alloh taolo so‘ragan narsalarini tezda yoki bir oz vaqtdan keyin beradi” (Imom Ahmad rivoyat qilganlar). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.