BIR SURANI IKKI RAKATGA BO‘LIB O‘QISA BO‘LADIMI?

ID: 362

04.04.2025

26

Savol:

Bomdodning farzida bitta uzun surani ikkiga bo‘lib o‘qisa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bu mavzuda “Muhiytul-Burhoniy” kitobida shunday deyiladi:

والأفضل أن يقرأ في كل ركعة بفاتحة الكتاب وسورة تامة.

Namozning har rakatiga “Fotiha” surasi va to‘liq bitta sura o‘qish afzaldir. (“Muhitul Burhoniy” kitobi).

Yana Fatovoi hindiya kitobida bunday deyiladi:

وَلَوْ قَرَأَ بَعْضَ السُّورَةِ فِي رَكْعَةٍ وَالْبَعْضَ فِي رَكْعَةٍ قِيلَ يُكْرَهُ وَقِيلَ لَا يُكْرَهُ وَهُوَ الصَّحِيحُ كَذَا فِي الظَّهِيرِيَّةِ وَلَكِنْ لَا يَنْبَغِي أَنْ يَفْعَلَ وَلَوْ فَعَلَ لَا بَأْسَ بِهِ كَذَا فِي الْخُلَاصَةِ  وَلَوْ قَرَأَ فِي رَكْعَةٍ مِنْ وَسَطِ سُورَةٍ أَوْ مِنْ آخِرِ سُورَةٍ وَقَرَأَ فِي الرَّكْعَةِ الْأُخْرَى مِنْ وَسَطِ سُورَةٍ أُخْرَى أَوْ مِنْ آخِرِ سُورَةٍ أُخْرَى لَا يَنْبَغِي لَهُ أَنْ يَفْعَلَ ذَلِكَ عَلَى مَا هُوَ ظَاهِرُ الرِّوَايَةِ وَلَكِنْ لَوْ فَعَلَ ذَلِكَ لَا بَأْسَ بِهِ .

Namozxon suraning bir qismini bir rakatda, yana boshqa qismini keyingi rakatda o‘qisa, bir so‘zda makruh bo‘ladi, deyilgan. Boshqa so‘zda makruh bo‘lmaydi, deyilgan va mana shu so‘z to‘g‘ridir (“Zahiriya” kitobida shunday kelgan). Lekin surani ikkiga bo‘lib o‘qimaslik kerak, mabodo o‘qib qo‘ysa ham, zarar (gunoh)i yo‘q (“Xulosa” kitobida shunday kelgan).

“Zohirur-rivoyat”ga ko‘ra, namozxon bir rakatga biror suraning o‘rtasidan yoki oxiridan qiroat qilishi, keyingi rakatga boshqa suraning o‘rtasi yo oxiridan qiroat qilishi kerak emas. Lekin shunday qiroat qilib qo‘ysa, zarari yo‘q (“Zaxira” kitobida shunday kelgan). (“Fatovoi hindiya” kitobi, Qiroat haqidagi fasl).

Xulosa shuki, har rakatga to‘liq bir surani o‘qish afzal, chunki unda ma’no tugal bo‘ladi. Bir surani ikki rakatga bo‘lib o‘qish yoki har rakatda turli suralarning bir qismini o‘qimagan ma’qul. Mabodo shunday o‘qib qo‘ysa ham, gunohi yo‘q.  Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar