Men bir ishga qasam ichgan edim. Qasamimni buzib quysam nima qilishim kerak buladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Aslida qasam ichgan odam qasamiga sodiq qolishi lozim. Agar qasamida turmasa, qasamxo'r bo'ladi va gunoh sodir etgan hisoblanib, kafforat berishi vojib bo'ladi.
Qasamni buzgan kishi xohlasa o'n kishini taomlantiradi, xohlasa ularni kiyim bilan ta'minlaydi. Bunda kamida shim va ko'ylak kabi kiyimlar bo'lishi kerak. Agar bu ikki ishdan birortasiga qodir bo'lmasa, uch kun ketma-ket ro'za tutadi. Qasamni buzmasdan turib kafforat to'lanmaydi. Qasamning kafforati haqida Qur'oni karimda shunday deyiladi:
فَكَفَّارَتُهُ إِطْعَامُ عَشَرَةِ مَسَاكِينَ مِنْ أَوْسَطِ مَا تُطْعِمُونَ أَهْلِيكُمْ أَوْ كِسْوَتُهُمْ أَوْ تَحْرِيرُ رَقَبَةٍ فَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَصِيَامُ ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ ذَلِكَ كَفَّارَةُ أَيْمَانِكُمْ إِذَا حَلَفْتُمْ وَاحْفَظُوا أَيْمَانَكُمْ كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
ya'ni: “...Buning kafforati (jarimasi) – oilangizni oziqlantirish uchun lozim taomlarning o'rtacha miqdorida o'nta miskinga taom berish yoki ularning kiyimlari yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kimki (bularni) topa olmasa, uch kun ro'za tutishi (mumkin). Ana shu ichgan (va buzgan) qasamlaringizning kafforatidir. Qasamlaringizni asrangiz! Alloh sizlarga O'z oyatlarini shunday bayon qiladi, toki shukr qilgaysiz” (Moida surasi, 89-oyat).
Agar kishi o'z ota-onasiga gapirmasligi kabi gunoh ishni qilishga qasam ichgan bo'lsa, qasamini buzib, kafforat to'lashi lozim bo'ladi.
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّم قَالَ : "مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ فَرَأَى غَيْرَهَا خَيْرًا مِنْهَا فَلْيُكَفِّرْ عَنْ يَمِينِهِ ، وَلْيَفْعَلْ الَّذِي هُوَ خَيْرٌ" (رَوَاهُ أَحْمَدُ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ).
“Kim bir ishga qasam ichsaю, keyin undan boshqasi yaxshiroq ekanini bilsa ichgan qasamiga kafforat to'lasin-da o'sha yaxshiroq ishni qilsin”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Bu hukmlarda qasamni bilib turib buzgan ham, majburlanib buzgan ham, unutib buzgan ham barobardir. (“Al-Muxtor”, “Fathu babil inaya”) Vallohu a'lam.