QIYOMATDA YAQIN QARINDOSHLAR BIR BIRINI KO‘RADIMI?

ID: 966

04.04.2025

107

Savol:

Qiyomatda opa-singillar bir-birini ko‘rmaydi degan gap eshitdim. Shu gap rostmi? Buni hech kim bilmaydi-ku, bunga ishonsak gunohkor bo‘lib qolmaymizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Oxiratdagi holatlarni hech kim o‘zicha bilib ololmaydi, chunki u g‘ayb olamiga tegishli ilmdir. Lekin Alloh taolo va Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bildirgan bo‘lsa, unga imon keltirib, aytilganidek bo‘lishiga ishonamiz. Haqiqatan ham to‘g‘rini qo‘yib, noto‘g‘ri gapga ishonish gunohkorlikka sabab bo‘ladi. 

Qiyomat kuni bir oila a’zolari, xususan opa-singillar bir-birlarini ko‘rmaydilar degan gap noto‘g‘ri. Chunki bir nechta oyat karima va hadisi shariflarda ular o‘zaro uchrashishlariga dalil va ishoralar bor. 

Oxiratda yaqin qarindoshlarning ko‘rishishi ikki holatda bo‘ladi. Birinchisi – hali odamlarning jannat yoki do‘zaxga kirishi ma’lum bo‘lmasdan va hisob-kitob boshlanmasdan avval. Ikkinchisi – hisob kitobdan keyingi, agar najot topishsa, jannatdagi uchrashuv.

Qiyomatdagi holat biz tasavvur qilganimizdanda dahshatli bo‘lganidan, hamma o‘zini holidan tashvishda bo‘ladi, u yerda birovni o‘ylashga majol bo‘lmaydi. Buning ustiga oila a’zolari, yaqin qarindoshlar o‘zaro haqlarini talab qilib qolishidan qo‘rqib, bir-birlaridan qochadilar. Bu haqida Alloh taolo shunday deydi:

فَإِذَا جَاءَتِ الصَّاخَّةُ يَوْمَ يَفِرُّ الْمَرْءُ مِنْ أَخِيهِ وَأُمِّهِ وَأَبِيهِ وَصَاحِبَتِهِ وَبَنِيهِ لِكُلِّ امْرِئٍ مِنْهُمْ يَوْمَئِذٍ شَأْنٌ يُغْنِيهِ

ya’ni: “Bas, qachonki, (quloqlarni) kar qiluvchi (chinqiriq) kelganda (Sur ikkinchi marta chalinganda), o‘sha kuni kishi o‘z birodaridan qochur. Yana onasi va otasidan ham, xotini va o‘g‘illaridan ham (qochur). (Chunki) u kunda ulardan har bir kishida o‘ziga yetarli narsa (tashvish) bo‘lur” (Abasa surasi, 33-37-oyatlari). Hatto Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, odamlar yalangoyoq, yalong‘och tiriladilar, lekin Qiyomatning dahshatidan bir-birlariga qarash xayollariga ham kelmaydi. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Jannat Alloh taoloning bandalariga rahmati bo‘lib, unda bandaning xayolidan o‘tmagan, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ne’matlar va xursandchiliklar bor. Hisob-kitob tugagach, najot topgan kishilar, albatta, yaqinlarini izlab qoladi. Jannatda ota-ona, farzand va yaqinlar bilan birga bo‘lish ham katta xursandchilik, ko‘z quvonchi hisoblanadi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:

وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَاتَّبَعَتْهُمْ ذُرِّيَّتُهُمْ بِإِيمَانٍ أَلْحَقْنَا بِهِمْ ذُرِّيَّتَهُمْ وَمَا أَلَتْنَاهُمْ مِنْ عَمَلِهِمْ مِنْ شَيْءٍ كُلُّ امْرِئٍ بِمَا كَسَبَ رَهِينٌ  

ya’ni: “O‘zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini ham qo‘shamiz. Ularga qilgan amallaridan biror narsani kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o‘zi qilgan ishi bilan garovlangandir” (Tur surasi, 21-oyat).

Ibn Jarir Tabariy rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Bu oyatning tafsirida ba’zi mufassirlar: “Bu oyatning ma’nosi -  imon keltirgan zotlarga farzandlari imon bilan ergashsa, agarchi amalda otalariga yeta olmagan bo‘lsalar ham, jannatda farzandlarini ularga martabada yetkazdik (qo‘shib qo‘ydik). Bu ish otalarining hurmatidan bo‘ladi va bu sababli otalarning ajrlaridan biror narsa kamaymaydi” – deganlar” (“Tafsiri Tabariy” kitobi).

Mo‘tabar tafsir kitoblarda, balog‘at yoshiga yetmasdan vafot etgan bolalarni jannatda ota-onalari bilan birga bo‘lishi zikr qilingan.

Demak, jannatda ota-onalar, farzandlar va yaqinlar birga bo‘lish uchun dunyoda ular bir-birlariga haq yo‘lda yordamchi bo‘lishlari, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarib, turishlari lozimdir. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar