Vafot etgan kishi barcha mol mulkini uka-singillariga vasiyat qilib ketgan. Lekin, uning xotini va ikki qizi ham bor. Shunda shariatga muvofiq vafot etgan kishining mol-mulki qanday taqsimlanadi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Muqaddas dinimizda meros halol-harom masalasi bo‘lgani uchun alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, agar mayitning ortidan turmush o‘rtog‘i, ikki qizi va opa-ukalari qolgan bo‘lsa, meros quyidagicha taqsimlanadi:
Xotini umumiy merosning 1/8 ulushini oladi;
Qizlari umumiy merosning 2/3 ulushini bo‘lib oladilar; Opa-ukalar qolgan molni erkaklarga ikki hissa va ayollarga bir hissa qilib bo‘lib oladilar;
Yana shuni ham alohida ta’kidlashimiz lozimki, shariatimizda merosxo‘rlarga vasiyat qilinmaydi. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deydilar:
إن الله أعطى كل ذي حق حقه، ولا وصية لوارث (رواه الامام الترمذي عن عمرو بن خارجة رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, Alloh (meros masalasida) har bir haq egasiga haqqini berdi va merosxo‘rlarga vasiyat qilish yo‘q”, – deganlar. Chunki, merosxo‘rlarning vasiyatsiz ham merosda o‘z ulushlari mavjud.
Demak, yuqoridagi holatda vasiyat qilingan shaxslar, merosxo‘rlardan bo‘lganligi sababli vasiyat bekor bo‘ladi va ular ya’ni, uka-singillar merosdagi o‘zlarining ulushlarini olaveradilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.