Meni bir g‘ayridin qo‘shnim kasal bo‘lib qoldi. Kasalxonada davolanmoqda, unga shifo so‘rab duo qilsam bo‘ladimi yoki mumkinmasmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
G‘ayridinlar haqqiga shifo va hidoyat so‘rab duo qilish joiz. Bu haqida Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
"Men go‘yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarab turgandekman, u zot quyidagicha hikoya qilayotgandilar: "Payg‘ambarlardan birlarini qavmi urib, qonga belab qo‘yishdi. U payg‘ambar yuzlaridan qonni artib, "Allohim, qavmimni mag‘firat qilgin, chunki ular bilmaydilar", deb aytardilar". (Muttafaqun alayh). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.