NAFL TAVOFNI JUNUB YOKI BETAHORAT QILISH

ID: 7

04.04.2025

137

Savol:

Ehtilom bo‘lganim esimdan chiqib, Masjidul haromga kirib, nafl tavof qilib qo‘yibman. Tugatganimdan keyin junub bo‘lganim esimga tushdi. Bu holda qanday yo‘l tutaman?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Aslida har qanday tavofni, hattoki, nafl tavofni ham tahoratli holda qilish vojib sanaladi. Siz Makkada turgan holingizda savol so‘rayotgan bo‘lsangiz poklanib, tavofni qayta bajarsangiz zimmangizda jarima qolmaydi. Bordiyu, vatanga qaytib savol so‘rayotgan bo‘lsangiz, junub holingizda tavof qilganingiz uchun Makkaga pul jo‘natib Haram hududida  jonliq so‘ydirishigiz lozim bo‘ladi. 

   Haj va umra masalalariga bag‘ishlangan mashhur manbalardan biri bo‘lgan “G‘unyatun nosik” kitobida nafl tavoflardan hisoblangan tavofi qudum masalasida shunday deyilgan:

فلو طاف للقدوم كله أو أكثره جُنُبًا فعليه دم، ولو محدثا فصدقة لكل شوط نصف صاع من برّ ، فإن أعاده سقط عنه الجزاء،

“Agar tavofi qudumning barchasini yoki aksarini junub holatda bajarsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Betahorat qilib qo‘ysa, har aylana uchun yarim so’(ikki kilo) bug‘doy sadaqa qiladi. Agar poklanib, qaytadan tavof qilsa, jarima soqit bo‘ladi”. 

   Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, bilmasdan nopok holda tavof qilgan kishiga jarima lozim bo‘lsada, gunohkor bo‘lmaydi. Ammo qasddan nopok holda tavof qilgan kishi jarimaga qo‘shimcha gunohkor ham bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar