NAMOZ UQILISHI

ID: 3113

08.10.2025

77

Savol:

Assalomu aleykum. Vitr vojib namozini ikkinchi rakatni sajdasidan keyin tashahhudda o‘tirmay uchinchi rakatga turib ketaversa bo‘ladimi? Yoki uch rakatli namozlarni shu tartibda o‘qisa bo‘ladimi?

Javob:

Uch rakatli vitr vojib namozining ikkinchi rakati sajdasidan so‘ng qa’daga o‘tirib, tashahhud o‘qish vojib amal hisoblanadi. Buni tark etib, o‘tirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchinchi rakatga turib ketish joiz emas. Agar unutib o‘tirmay turib ketilsa, namoz oxirida sajdai sahv qilish lozim bo‘ladi. Bu qoida nafaqat vitr namoziga, balki barcha uch yoki to‘rt rakatli namozlarga tegishlidir, chunki birinchi qa’da ushbu namozlarning vojiblaridan biridir.

Endi sizni ushbu savolni yo‘llashingizga sabab bo‘lgan rivoyatga to‘xtalsak: Ato rahimahullohdan rivoyat qilinadi: u (Ato) uch rakat (vitr namozini) o‘qir, ularning orasida o‘tirmas va tashahhudni faqat vitrning oxirgi rakatida o‘qir edilar. Agar Ato rahimahullohning hadislaridagi ikkinchi rakatda o‘tirmaslikdan murod umuman o‘tirmaslik bo‘lsa, u holda bu hadis boshqa tobeinlar va sahobai kiromlar roziyallohu anhumlarning hadislariga zid bo‘ladi. Bu holatda sahobai kiromlarning hadislariga amal qilinadi, chunki hazrati Ato roziyallohu anhu tobeindir. Sahoba va tobeinning amallari o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, sahobaning amali ustun qo‘yiladi. Qolaversa, ulug‘ muhaddis imom Muslim rahimahulloh o‘z sahihida rivoyat qilgan uzun hadisda Oisha roziyallohu anho: وَكَانَ يَقُولُ فِي كُلِّ رَكْعَتَيْنِ التَّحِيَّةَ، “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Har ikki rakatda attahiyot bor” , der edilar”, deganlar. Mazkur hadisi sharifda vitr namozi istisno qilinmagan. Demak, har qanday namozning ikkinchi rakatida qa’daga o‘tiriladi va tashahhud o‘qiladi. Boshqa bir hadisda vitr namozi shom namoziga o‘xshashi aytilgan: Imom Tahoviy rahimahulloh “Sharhi maonil osor” nomli kitoblarida quyidagi rivoyatni keltirganlar: حَدَّثَنَا أَبُو بَكْرَةَ، قَالَ: ثنا أَبُو دَاوُدَ، قَالَ: ثنا أَبُو خَلْدَةَ، قَالَ: سَأَلْتُ أَبَا الْعَالِيَةِ عَنِ الْوِتْرِ، فَقَالَ: «عَلَّمَنَا أَصْحَابُ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَوْ عَلَّمُونَا أَنَّ الْوِتْرَ مِثْلُ صَلَاةِ الْمَغْرِبِ , غَيْرَ أَنَّا نَقْرَأُ فِي الثَّالِثَةِ , فَهَذَا وِتْرُ اللَّيْلِ , وَهَذَا وِتْرُ النَّهَارِ» “Abu Xalda aytadi: “Men Abul Oliyadan vitr haqida so‘radim. U: “Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bizga vitrni shom namoziga o‘xshaydi, biroq (shomning) uchinchi rakatida qiroat qilmaymiz. Biri kechaning vitri, biri kunduzning vitridir deb o‘rgatganlar”, deb javob berdi”. Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar: فیه ایضًا قوله ﷺ ’’فی کل رکعتین التحیة’’ فانه یفید حکما کلیًا بوجوب القعدۃ علٰی رأس کل رکعتین من الصلاة فرضًا کانت أو نفلًا “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Har ikki rakatda attahiyot bor”, degan so‘zlari farz bo‘lsin, nafl bo‘lsin, barcha namozning ikkinchi rakatida qa’dada o‘tirishning vojib ekanini anglatadi. (“E’lous sunan” kitobi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar