O‘zidan katta odam salom bersa alik olish kerakmi yoki “Assalomu alaykum” deb javob qaytarish kerakmi? Telefonda ko‘p holatda o‘zimizdan katta insonlar salom beradi.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ikki mo‘min bir-biriga duch kelganida, yoki telefon orqali bog‘langanida xoh tanish va xoh notanish bo‘lsin, suhbat avvalida salom berishlari kerak. Salomlashish sunnatdir.
Shariat bo‘yicha o‘tgan umrning o‘z qadri bor. Shuning uchun kichik yoshdagilar katta yoshdagilarni ulug‘lab va hurmatini qilib avval salom berishlari odobdan sanaladi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
يُسَلِّمُ الصَّغِيْرُ ععَلَى الْكَبِيْر،ِ وَ الْمَارُّ عَلَى الْقَاعِدِ، وَ الْقَلِيْلُ عَلَى الْكَثِيْرِ
“Kichik kattaga, piyoda o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Agar yoshi kichik kishi avval sallom berishga ulgurmasdan, savolda so‘ralgan holat yuzaga kelib qolsa, berilgan salomga javob qaytarishda: “Assalomu alaykum”, deb, alik olish ham mumkin. Oyati karimada Alloh taolo aytadi:
وَإِذَا حُيِّيتُم بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَىٰ كُلِّ شَيْءٍ حَسِيبًا
ya’ni: “Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora)ni qaytaringiz. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchi Zotdir” (Niso surasi, 86-oyat). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.